Asosiy > Bizning Faxrimiz > Himmat Qalandarov, “Navoiyazot” AJ 32-Ta’mirlov-mexanika sexi dastgohchisi

Himmat Qalandarov, “Navoiyazot” AJ 32-Ta’mirlov-mexanika sexi dastgohchisi

Halovatni bilmagan ko‘ngil

Yarim tun. Karmananing Kalavot qishlog‘i. To‘lin oy nuri atrofni yoritarkan, tinch-osuda xonadonlarning biri ko‘zga tashlanadi. Uy egasining negadir uyqusi qochib, yuragi allaqanday tez-tez ura boshladi. Hovliga chiqib, avval sovuq suv ichib oldi. So‘ng qulog‘iga kimdir aytib turgandek fikrida ketma-ket so‘zlar tizila boshladi. Chiroqni yoqib ham o‘tirmay xuddi nimanidir yo‘qotib qo‘ygandek allanarsani izlashga tushdi. Qidirganini topdi shekilli, narigi xonaga o‘tib, stol ustidagi tunchiroqni yoqib, stulga o‘tirdi. Diliga quyilib kelayotgan so‘zlarni tezda yon daftariga tushira boshladi. Dastavval, sahifa boshiga “Navoiyazot” deya sarlavha qo‘ydi. So‘ng ba’zan to‘xtab, ba’zan shoshib quyidagi misralarni bitdi:

 “Bag‘ring dengiz ummonidek keng,

Sulolalar ishlar dastgohda,

Har mahsulot tillolarga teng,

Mo‘jiza yaratar azim dargohda.

 Yuksakka bo‘y cho‘zyapsan mana,

Qizilqum bag‘rida bir bo‘ston bo‘lding,

Yo‘qdan bor qilyapsan yana,

Yozsa arzigulik bir doston bo‘lding,

 Seni bir muddat ko‘rmasa inson

Sog‘inch quchog‘ida qoladi hayron,

Senga hamkor bo‘lib jumlai jahon,

Dasturxon boshida – o’zbek, koreysu, yapon...”

 ***

Shoirlik – halovatsizlik bo‘lishi bilan birga badiiy ijod kishiga allaqanday his – zavqni ham tuydiradi. She’r bitish ulkan yo‘nish dastgohida temir parchasini joylashtirib, uni kerakli shaklga keltirishdek gap.

Buni 36 yildan buyon “Navoiyazot” AJning 32-Ta’mirlov-mexanika sexida ko‘p qirrali stanokchi vazifasida ishlab kelayotgan Himmat Qalandarov juda yaxshi anglaydi. Boisi Himmat aka yirik sanoat korxonasidagi qizg‘in mehnati bilan birga yoshlik yillaridanoq jo‘shqin ijod bilan ham shug‘ullanadi.

1965-yilning qish chillasida Kalavot qishlog‘ida tug‘ilgan qahramonimiz Hikmat Qalandarov (1921-1991) va Mastura Qalandarovalar (1928-2021) xonadonida to‘rtinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Jami sakkiz nafar – uch o‘g‘il va besh qiz voyaga yetgan mazkur oila rahbari  kolxozda suvchilik bilan shug‘ullanardi. Oila bekasi ham paxta dalalarida ter to‘kib – eru xotin ro‘zg‘or yukini bab-baravar zimmalariga olgancha bola-chaqalarni unib-o‘stirishdi.   

“Onam 36 yil pilla boqqanlar, - deydi Himmat Qalandarov. — Suyagimiz mehnatda qotgan. Kolxozchi oilasida tug‘ilganimiz uchun yoshligimiz mol boqish, paxta terish, pillaga qarash bilan o‘tgan. Bu davrning gashti, zavqi o‘zgacha edi baribir.”

1972-yilda 6-sonli maktabga ilk qadam bosgan Himmatbek boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kezlariyoq ona tili va adabiyot faniga qiziqishi yuqori edi. Tirishqoq o‘quvchi o‘qituvchilarning  saboqlarini qunt bilan tinglar, ustozlarining topshiriqlarini sidqidildan bajarardi.

Yoshligimizdan tarbiyamiz shunday bo‘lganki, otamizning ko‘zlariga tik boqmasdik, — deydi qahramonimiz. — Dadam aslida bizlarni sira urmasdi, so‘kmasdi. Faqatgina biror vazifa topshirib, shuni mustaqil ravishda o‘zimiz uddalashimizga undardi. Otam ham, onam ham juda mehribon, muloyim va kamgap kishilar edi. Biz farzandlar doimo ularning har bir aytgan so‘zlarini yerda qoldirmaslikka intilardik.”

1982-yilda maktabni namunali xulqi va bilimi ila tamomlagan qahramonimiz poytaxtga yo‘l olib, dastavval Qishloq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirishni maqsad qiladi. Biroq omadi chopmagach, 1983-yilda harbiy xizmatga jo‘nab, olis Chita shahrida (Rossiya) 1985-yilgacha yigitlik burchini o‘taydi. Harbiy xizmatdan keyin 1985-yil iyunida “Navoiyazot”ga ishga kirgan yosh mutaxassis avvalo tajribali tokar Yevgeniy Kuzevga shogird tushadi. Ikki oylik sinov muddatidan so‘ng uning o‘ziga alohida dastgoh berishadi va u mustaqil ravishda ish boshlaydi.

Ortda qolgan ana shu uzoq davr ichida o‘z kasbiga sodiq qolib, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan faxriy sanoat xodimi ushbu yillar oralig‘ida ellik nafarga yaqin shogirdlar yetishtirdi. Bu qahramonimizning mehnati samarasidan biridir.

“Himmat aka o‘z bilganlarini yoshlarga o‘rgatishdan charchamaydigan samimiy inson, — deydi shogirdlaridan biri Navro‘z Sanaqulov. — Men o‘zim ham u kishi bilan birga o‘n yildan buyon ishlab kelmoqdaman. Har qanday kasbning mashaqqati bilan birga o‘ziga xos zavqi ham bor. Buni o‘z ishiga mehr qo‘yganlar yaxshi bilishadi. Kasbga yo‘naltirish va tajriba oshirishda ustozlarning o‘rni katta. Men ham ustozim bilan faxrlanaman.”

H.Qalandarovning kamtarona mehnatini jamoasi yuqori baholaydi. Unga bo‘lgan samimiy va yuksak hurmat uni “O‘zkimyosanoat” hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan bir necha marotaba rag‘batlantirilishiga sabab bo‘ldi.  Faxriy kimyogar 2021-yilda korxonaning “Hurmat Taxtasi”ga loyiq ko‘rilgani ham bejiz emas.

***

Oila — muqaddas dargoh. 1986-yilda Dilshoda Qalandarova bilan turmush qurgan Himmat aka 36 yildan beri bahamjihat yashab, ikki nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Katta qizi Shoiraxon Navoiy davlat pedagogika institutini bitirib, matematika va  informatika fanlaridan o‘quvchilarga saboq berayotgan bo‘lsa, kenja qizi Munisaxon 2021-yilda maktabni bitirib, ota kasb — sanoat sohasini tanlab, Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalar universitetiga o‘qishga kirish harakatida.

Zikirshoh va Davlatbek kabi nevaralar bobosining saodatli umr manzaralari shulardangina iborat emas. Fidoyi mexanik she’r yozish bilan birga 20 sotix yerida bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanadi.

Kitob mutolaasini sira kanda qilmaydigan kimyogarning hali oldinda maqsadlari, orzu-o‘ylari bisyor...

 “Navoiyazot”da Himmat aka kabi oilam, bolam-chaqam va qolaversa, yurtim deya yonib yashayotgan insonlar ko’p. Ana shunday kishilarning mehnati har qancha e’tirofga va e’tiborga loyiq.

Bizning Faxrimiz

MEHNATI QADRIDAN RUHLANGAN XODIM

09.06.2025

Aziza Karimkulovna Haydarova, “Navoiyazot” AJ «G’aznachilik va moliya...

25.11.2024

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati

Biz bilan bog`lanish