Asosiy > Yangiliklar > MALAKA OSHIRISH ISH UNUMDORLIGI VA XAVFSIZLIKNI TA’MINLAYDI

MALAKA OSHIRISH ISH UNUMDORLIGI VA XAVFSIZLIKNI TA’MINLAYDI

“Navoiyazot” AJda xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish, mehnat muhofazasi hamda sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda korxonaning o‘quv markazida ilg‘ovchi-bog‘lovchilar uchun navbatdagi o‘quv kursi tashkil etildi. Mazkur kurs xodimlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda yuk ko‘tarish bilan bog‘liq ishlarni xavfsiz tashkil etishga qaratilgan.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga yuklarni ilg‘ovlash va bog‘lash ishlarini belgilangan talablar asosida bajarish, yukning turi, o‘lchami va xususiyatidan kelib chiqib tegishli ilg‘ovchi moslamalarni to‘g‘ri tanlash, yuk ko‘tarish mexanizmlari va yordamchi vositalardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha zarur bilimlar berilmoqda. Shuningdek, o‘quv jarayonida ish boshlashdan avval asbob-uskuna, arqon, zanjir va boshqa ilg‘ovchi moslamalarning texnik holatini tekshirish, ularning yaroqliligiga ishonch hosil qilish, ish hududini xavfsiz tashkil etish hamda yuklarni ko‘tarish va ko‘chirish jarayonida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mashg‘ulotlarda kran mashinisti bilan o‘zaro hamkorlik qilish, yuk ko‘tarish jarayonida belgilangan ishora va signallardan to‘g‘ri foydalanish, yukning barqarorligini ta’minlash, xavfli hududda begona shaxslar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi muhim talablar ham batafsil tushuntirilmoqda. Bundan tashqari, tinglovchilarning ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, ularni baholash va tegishli ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha bilimlari mustahkamlanmoqda. Nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg‘unlashtirilishi esa xodimlarning turli ish vaziyatlarida to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish ishlab chiqarish jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois korxonada xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonida xavfsiz mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraladi. O‘quv markazida tashkil etilayotgan bunday kurslar xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish bilan birga, ish joylarida xavfsizlik madaniyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish jarayonidagi xavflarni kamaytirish va baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi. Zero, ishlab chiqarishda xavfsizlikni ta’minlash — avvalo, inson hayoti va salomatligini asrash, shu bilan birga, korxonaning barqaror va samarali faoliyatini ta’minlashning muhim shartidir.

So`ngi yangiliklar

...

SAYYOR QABUL: MUROJAAT VA YECHIM

15.09.2026
...

DAVLAT TILIDA ISH YURITISH BO‘YICHA SERTIFIKATLAR...

11.09.2026
...

MALAKALI MUTAXASSISLARNI SARALASH JARAYONI DAVOM E...

08.09.2026
...

YAYLOV QISHLOG‘IDA ZAMONAVIY MAKTAB FILIALI FOYDAL...

07.09.2026
...

DOLZARB MAVZUDA MULOQOT TASHKIL ETILDI

03.09.2026
...

MUSTAQILLIK — ULUG‘ NE’MAT

02.09.2026
...

MUSTAQILLIKNING 35 YILLIGI — MEHNATGA E’TIROF

27.08.2026
...

IFTIXOR HISSI VA E’TIROFDAN MAMNUNLIK

26.08.2026
...

BAYRAM OSHI TAYYORLANMOQDA

26.08.2026

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati

Biz bilan bog`lanish